TR  |  EN  |  RU
turkey turkey   azerbaijan kazakhstan kyrgyzstan turkmenistan uzbekistan kktc qha TAT BAŞQ
Ana Sayfa
Birlik Hakkında
Üye Haber Ajansları
Bildiri
Başkanın Mesajı
Tüzük
Haberler



Özbekistan
“Toshkent shahrining 2200 yilligiga bag‘ishlangan asosiy tantanalarni o‘tkazish to‘g‘risida”

Toshkent (O'zA) - 10.iyun.2009 - O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori.
Vatanimiz poytaxti azim Toshkent shahrining 2200 yillik qutlug‘ to‘yiga bag‘ishlab  mamlakatimizda keng ko‘lamdagi tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Xalqaro YUNESKO tashkiloti ishtirokida nishonlanayotgan bu sanaga xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida qiziqish va e’tibor tobora ortib bormoqda.
Shu munosabat bilan Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyini uning yurtimiz va mintaqamiz tarixidagi, ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi tutgan beqiyos o‘rni va mavqeiga munosib tarzda yuqori saviyada nishonlash hamda bu tarixiy sanaga bag‘ishlangan asosiy tantanalar va ommaviy sayillarni chuqur o‘ylangan dastur asosida mazmunli o‘tkazish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 2 aprelda qabul qilingan qaroriga qo‘shimcha ravishda 1-ilovaga muvofiq chora-tadbirlar rejasi qabul qilinsin. Toshkent shahrining 2200 yilligiga bag‘ishlangan tantanali majlis va bayram konsertini tayyorlash bo‘yicha tashkiliy-ijodiy guruh tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyini nishonlash sanasiga bag‘ishlangan tantanali majlis va konsert dasturini 2009 yil 1 sentabr kuni “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida, ommaviy tadbirlar va xalq sayillarini esa 2 sentabr kuni poytaxt maydonlarida o‘tkazish haqidagi takliflar ma’qullansin.
3. Mustaqillik kuni va Toshkent shahrining 2200 yilligi bayrami munosabati bilan hamda aholining dam olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ish vaqtidan oqilona foydalanish maqsadida 2009 yil 29 avgust shanba dam olish kuni 2009 yil 31 avgust dushanba kuniga, 2009 yil 30 avgust yakshanba dam olish kuni 2009 yil 2 sentabr chorshanba kuniga ko‘chirilsin. 29 avgust shanba va 30 avgust yakshanba kunlari ish kuni deb e’lon qilinsin.
4. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri SH.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

 
Muzeyga virtual sayohat
O‘zA - 10.06.2009 - Buyuk tariximizni, ajdodlarimizning boy madaniy merosini o‘rganish, asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar yuksak samaralar bermoqda. Zero, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, ular ongida vatanparvarlik, yurtga sadoqat kabi tuyg‘ularni shakllantirishda tarixni bilish muhim ahamiyatga ega.
Yurtimizda muzeylar faoliyatini yaxshilash, ularda saqlanayotgan eksponatlarni asrab-avaylash, boyitish va tadqiq etish borasidagi ishlar ana shu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda. I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi mustaqillik yillarida o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining boy madaniyati, milliy qadriyatlarini tarannum etuvchi yuzlab osori-atiqalar bilan boyidi.
Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti tomonidan ishlab chiqilgan “I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyiga virtual sayohat” mavzuidagi multimedia kompakt diski taqdimotiga bag‘ishlangan anjumanda shular haqida so‘z bordi.
Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti va I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi hamkorligida tayyorlangan kompakt diskda muzeyning arxeologik kolleksiyasi, tasviriy san’at asarlari, mutaxassislarning muzey haqidagi fikrlari o‘zbek, rus va ingliz tillarida o‘z ifodasini topgan.
Ushbu loyihadan ko‘zlangan maqsad yoshlar, olim va mutaxassislar, san’at ixlosmandlari hamda sayyohlarni muzey fondidagi eksponatlar bilan yaqindan tanishtirish, boy tariximiz, qadimiy an’ana va qadriyatlarimizni keng targ‘ib etishdir.
 
Mirzo Ulug‘bek va jahon ilm-fani
O‘zA - 10.06.2009 - Samarqand shahrida “Mirzo Ulug‘bekning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzuida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Samarqand shahrida o‘tgan “Mirzo Ulug‘bekning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzuidagi xalqaro ilmiy konferensiya ulug‘ allomaning ilmiy va ma’naviy merosini chuqur o‘rganishga bag‘ishlandi.
Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning tashabbusi bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, YUNESKOning Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti, Samarqand viloyati hokimligi tomonidan tashkil etildi. Unda mamlakatimiz va Fransiya, Italiya, Rossiya, Turkiya, Yaponiya, Xitoy, Eron, Hindiston, Bangladesh, Ozarboyjon singari xorijiy davlatlarning yetakchi olimlari, yurtimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro ilmiy konferensiyani O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti SH.Solihov ochdi. Tadbirda o‘zbek xalqining boy davlatchilik tarixi, ulkan ilmiy va madaniy merosi xususida so‘z yuritildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2009 yilni «Xalqaro astronomiya yili» deb e’lon qilgani, bu fan rivojida buyuk o‘zbek qomusiy olimi Mirzo Ulug‘bekning benazir hissasi borligi alohida ta’kidlandi.
Har bir xalqning ma’naviy qiyofasini uning tarixi, milliy salohiyati, urf-odat va an’analari belgilaydi. Bu borada yuksak ilmiy merosning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.
Sharq va G‘arbni o‘zaro bog‘lagan, Buyuk ipak yo‘lidagi turli sivilizatsiyalar tutashadigan muhim chorraha sanalgan qadim va betakror yurtimiz azaldan olimu ulamolari, fozilu fuzalolari, shoiru shuarolari bilan dovruq qozongan. Ona zaminimizda tug‘ilib, kamolga yetgan ulug‘ allomalar dunyoviy va diniy ilmlar taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shganlar.
Buyuk bobolarimiz tafakkuri va dahosi mahsuli bo‘lmish minglab asarlar, tarix, adabiyot, san’at, siyosat, axloq, falsafa, tibbiyot, matematika, kimyo, astronomiya, me’morlik, dehqonchilik va boshqa sohalarga oid noyob qo‘lyozmalar bizning bebaho ma’naviy boyligimizdir. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, bunday boy merosga ega bo‘lgan xalq dunyoda kamdan-kam topiladi.
O‘nlik sanoq sistemasini, algoritm va algebra tushunchalarini dunyoda birinchi bo‘lib ilm-fan sohasiga joriy etgan Muhammad Muso Xorazmiy, Yevropada Al-Fraganus nomi bilan mashhur bo‘lgan Ahmad Farg‘oniy, qomusiy tafakkur sohibi Abu Rayhon Beruniy, meditsina fanining otasi sanalgan Abu Ali ibn Sino, arab tili grammatikasini mukammal tarzda ishlab chiqqan Mahmud Zamahshariy, o‘zida mingdan ziyod yulduzlar harakatini jamlagan astronomik jadval yaratgan Mirzo Ulug‘bek singari dunyo ahlini hayratga solgan ulug‘ mutafakkirlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Bunday yuksak iftixor tuyg‘usi bizni hech kimdan kam bo‘lmagan xalq sifatida iftixor bilan yashashga, ajdodlarga munosib avlod bo‘lishga da’vat etadi.
Mirzo Ulug‘bekning umumbashariy qadriyatlarga qo‘shgan hissasi beqiyos bo‘lib, u bugungi kunda ham hayotimizda ulkan ahamiyat kasb etmoqda va O‘zbekistonning xalqaro obro‘sini oshirish yo‘lida katta xizmat qilmoqda, deb ta’kidlaydi Prezidentimiz. Buyuk ajdodimiz Ulug‘bek nomi berilgan ma’naviyat maskanlari, ko‘chalar va shaharlar juda ko‘p. Yurtimizda dunyoga ko‘z ochayotgan har o‘n chaqaloqning biriga ezgu niyat bilan Ulug‘bekning ismi berilayapti, deb aytsak, mubolag‘a bo‘lmaydi, degan edi.
1994 yilda Mirzo Ulug‘bekning 600 yillik tavalludi xalqaro miqyosda keng nishonlandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 1994 yil «Ulug‘bek yili» deb e’lon qilindi. Alloma yubileyi munosabati bilan Fransiya poytaxti Parij shahrida – YUNESKO qarorgohida bo‘lib o‘tgan xalqaro forumda ishtirok etgan mamlakatimiz olimlarining ilmiy ma’ruzalari dunyo hamjamiyati e’tiborini tortdi.
Mamlakatimizda istiqlol yillarida Ulug‘bek ilmiy merosini o‘rganish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Alloma yashagan davr, uning hayoti va faoliyati haqida yangi kitoblar, ilmiy maqolalar, badiiy asarlar yozilmoqda. Mirzo Ulug‘bekning «To‘rt ulus tarixi», «Ilmu nujum. Astralogiya» asarlari nashr etildi.
Tarixchi olim A.Ahmedovning «O‘rta asrlarning buyuk allomasi», «Ulug‘bek Muhammad Tarag‘ay», “Mirzo Ulug‘bek va uning «Tarixi arba ulus» asari haqida», U.Uvatov va F.Karimovning «Amir Temur va Ulug‘bek zamondoshlari xotirasida» kitoblari nashrdan chiqdi. Akademik B.Valixo‘jayevning «Mirzo Ulug‘bek davri madrasalari» risolasi o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
“Ulug‘bekning hayoti va ilmiy faoliyati xalqimiz ma’naviyatining poydevoriga qo‘yilgan tamal toshlaridan biri bo‘lib, yurtimizda bundan necha zamonlar oldin fundamental fanlarni rivojlantirishga qanchalik katta ahamiyat berilganini ko‘rsatadi. “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” deb nomlangan Ulug‘bek astronomik jadvali o‘rta asrlarda lotin tiliga tarjima qilinib, Yevropa olimlari orasida keng tarqalgani fikrimizning yaqqol isbotidir”, deb ta’kidlaydi davlatimiz rahbari o‘zining “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida.
Buyuk alloma yaratgan Samarqand ilmiy maktabi faqat oliy o‘quv yurtigina emas, o‘sha davrning akademiyasi edi. Bu ilmiy maktabda 200 dan ortiq olim faoliyat yuritgan. Ulug‘bek Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abul Abbos Javhariy, Xolid Marvarrudiy, Ahmad Marvaziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy singari bobolarimizning ilmiy an’analarini davom ettirdi.
Sharq mamlakatlaridagi ilmiy an’analarga ko‘ra, falakiyot sohasida yaratilgan asarlar «Zij» deb atalgan va ular asosan jadvallardan iborat bo‘lgan. Ulug‘bek ilmiy merosining gultoji – uning «Zij»idir. «Ziji Ulug‘bek», «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» nomlari bilan shuhrat qozongan bu asar falakiyot ilmining nazariy va amaliy masalalarini qamrab olgan durdona asardir.
«Zij» ikki bo‘limdan: keng muqaddima va 1018 sobita yulduzning o‘rni va holati aniqlab berilgan jadvallardan iborat. Muqaddimaning o‘zi to‘rt qismni tashkil qiladi. Birinchi qism taqvim masalalariga bag‘ishlangan. Bundan tashqari, ushbu qismda Turkiy muchal yillari haqidagi tushuncha ham mufassal bayon etilgan.
Muqaddimaning ikkinchi qismi 22 bobdan iborat. U asosan matematika va sferik astronomiya masalalariga bag‘ishlangan. Bu qismda yulduzlarning balandligi va ular o‘rtasidagi masofa, meridian chizig‘i, uzunlik va kenglikni o‘lchash yo‘llari ko‘rsatilgan. Uchinchi qismda Quyosh va Oyning harakati bayon qilingan. Quyosh va Oy tutilishining aniq vaqtlari va uni aniqlashning o‘tmishdagi va Ulug‘bek davridagi yo‘llari keng tahlil qilingan. Olim quyosh va oyning harakatini to‘g‘ri hisoblagan va bu hisob-kitob hozirgi hisob-kitobdan deyarli farq qilmaydi.
Ulug‘bek hisobi bo‘yicha yulduz yili 365 kun 6 soat 10 daqiqa 8 soniyani tashkil etadi. Bugungi kunda bir yulduz yili 365 kun 6 soat 9 daqiqa 6 soniyaga teng. Farq – 1 daqiqa 2 soniya, xolos.
“Bu haqda so‘z yuritar ekanmiz, beixtiyor 1996 yili Parijda YUNESKOning o‘sha paytdagi Bosh direktori Federiko Mayor janoblari bilan bo‘lgan bir suhbat yodimga tushadi, – deb yozadi Prezidentimiz “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida. – O‘shanda janob Mayor Ulug‘bekning ilmiy merosini yuksak baholab, uning yulduzlar harakatiga oid hisob-kitoblari bugungi kunda kompyuter yordamida tekshirib ko‘rilganda atigi bir necha daqiqaga farq qilishi aniqlandi, degan gapni aytib qoldi. Shunda men unga qarab, yo‘q janob Federiko Mayor, Ulug‘bek xato qilgan bo‘lishi mumkin emas, balki kompyuterlar xato qilgan bo‘lishi mumkin, degan edim”.
Darhaqiqat, dunyo ilm-faniga ulkan hissa qo‘shgan Ulug‘bek “Zij”i o‘rta asrlardayoq Osiyo va Yevropa mamlakatlariga keng kirib borgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, «Zij»ning yuzga yaqin forsiy va o‘n beshdan ortiq arabiy nusxasi mavjud. Yevropalik mashhur astronom olimlar uni lotin, fransuz, ingliz tillariga tarjima qilgan, sharhlar bitgan. O‘rta asrlarda yozilgan hech bir astronomik yoki matematik asar bunchalik ommaviy va keng ma’lum bo‘lmagan.
Konferensiyada so‘zga chiqqan xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar vakillari, olimlar Prezident Islom Karimov rahnamoligida milliy ma’naviyatimizni yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, buyuk alloma merosini o‘rganishdagi yutuqlar haqida, Ulug‘bekning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi xususida gapirdilar.
YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xorxe Espinal qadimiy Samarqandning insoniyat sivilizatsiyasida tutgan o‘rni va ahamiyati, Mirzo Ulug‘bekning dunyo ilm-faniga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘z yuritdi. Ulug‘bek rahnamoligida bunyod etilgan rasadxona va madrasalar YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. U yaratgan ilmiy maktab Xorazm Ma’mun akademiyasi an’analarining uyg‘un davomchisi sifatida ulkan ahamiyatga ega. Bugungi kunda ham Samarqand madaniyatlararo muloqot va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga beqiyos hissa qo‘shmoqda.
Prezident Islom Karimovning barqaror taraqqiyotni ta’minlashga, jumladan, ilm-fan, madaniyat, ta’limni rivojlantirishga qaratilgan siyosati o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. Yuksak ilmiy salohiyat, siyosiy barqarorlik, yoshlarga qaratilayotgan alohida e’tibor O‘zbekiston taraqqiyotining bosh omillaridandir. Prezident Islom Karimov rahnamoligida Samarqand shahrida YUNESKOning Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti tashkil etildi. Ulug‘bek maktabi an’analarini davom ettiradigan mazkur institut xalqaro ilmiy aloqalarni yanada rivojlantirishga, eng ilg‘or fan yutuqlarini targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Parijdagi Temuriylar jamiyati asoschisi, professor Frederika Bressan Mirzo Ulug‘bekning ilmiy va ijtimoiy faoliyatiga to‘xtaldi. Mirzo Ulug‘bek buyuk bobosi singari mamlakatda tinchlik o‘rnatdi, yurt farovonligiga alohida e’tibor qaratdi. Madrasa va masjidlar, rasadxona, ko‘prik va yo‘llar qurdirdi.
Xorijlik mehmonlar O‘zbekistonda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlariga yuqori baho berdi. Samarqand nafaqat ko‘hna, balki zamonaviy shahar, ilm-fan va sanoat markazi sifatida ham qadimiy an’analarini davom ettirmoqda. Mamlakatdagi osoyishtalik, xalqning farovon turmushi, odamlarning ochiq chehrasi, ertangi kunga ishonchi diqqatga sazovorligi qayd etildi.
Xalqaro anjumanda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining yetakchi ilmiy xodimi, professor A.Ahmedov, Astronomiya instituti direktori SH.Egamberdiyev va boshqalar Mirzo Ulug‘bekning jahon ilm-fani rivojida tutgan o‘rni, ilmiy merosini o‘rganishning yutuq va istiqbollari, Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish va targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
Xalqaro konferensiyada Mirzo Ulug‘bek davrida oliy ta’lim, madrasalar va ularda o‘qitish tizimi masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondlari hamda Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti ilmiy kutubxonasida saqlanayotgan qadimgi qo‘lyozmalarga qaraganda, Samarqand madrasalarida matematika, mexanika, astronomiya, tibbiyot, falsafa singari dunyoviy fanlar, shuningdek, diniy fanlar keng o‘qitilgan. Mirzo Ulug‘bek madrasasida G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi singari buyuk allomalar dars bergan.
Konferensiya doirasida Ulug‘bek madrasasida O‘zbekistonda ta’lim tarixiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil qilindi. Unda ta’lim tarixi, Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek davri, XIX-XX asrlardagi ta’lim haqidagi ekspozitsiyalar namoyish etildi. Bunda, ayniqsa, mamlakatimizda istiqlol yillarida ta’limni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga bag‘ishlangan stendlar katta qiziqish uyg‘otdi.
Anjuman o‘z ishini seksiya majlislarida davom ettirdi. Ularda Mirzo Ulug‘bekning olim va davlat arbobi sifatidagi faoliyatining barcha jihatlari, ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganish imkoniyatlari batafsil muhokama qilindi.
Xalqaro ilmiy konferensiyaning ochilishida Samarqand viloyati hokimi O‘.Barnoyev ishtirok etdi.
 
"Ommaviy madaniyat" – madaniyatsizlikdir
O‘zA, - 26.05.2009 - Dunyodagi har bir xalqning o‘ziga xos an’analari, urf-odatlari milliy qadriyatlari bor. Muayyan zaminda kurtak ochib, necha yuz yillar davomida shakllangan va sayqal topgan ma’naviy mezonlar shu millatning, shu xalqning bebaho boyligi hisoblanadi. Hayotimizga shiddat bilan kirib kelayotgan texnika va texnologiyalar, globallashuv jarayonlarida bunday boylikning mohiyatini yanada chuqurroq anglash dolzarb ahamiyat kasb etadi. Bugun keskin tus olayotgan “ommaviy madaniyat” ham ma’naviy tahdidlardan biridir.
Zamonaviylik, tezkor taraqqiyot bilan hamqadam bo‘lish yoshlarimizning hayot tarziga aylanib bormoqda. Albatta, bu quvonarli hol. Chunki bir necha tilda bemalol so‘zlasha olish, internet olamiga kirib dunyo yangiliklaridan boxabar bo‘lish imkoniyatining mavjudligi ularning bilimi, dunyoqarashi kengayayotganidan darak beradi. Biroq globallashuv jarayonlarida turli g‘oyalar kurashi, axborot xurujlari, mafkuraviy tazyiqlar tobora avj olayotgani sir emas. Bugun arzimasdek tuyulgan kichik xabar ham odamlarning, ayniqsa yoshlarning hayotini o‘zgartirishga qodir kuch bo‘lishi mumkin.
Ayni paytda dunyoda demokratiya va erkinlik, oshkoralikning “yagona standart”ini zo‘r berib targ‘ib qilayotgan buzg‘unchi kuchlar insonlar ongiga ta’sir ko‘rsatishning turli yo‘llaridan foydalanishga harakat qilmoqda. “Ommaviy madaniyat” ana shu yo‘lda juda muhim vazifani – inson ma’naviyatini yo‘qotish orqali uni bo‘ysundirishga xizmat qiladi. Ularning fikricha, har bir millat, mamlakatning milliy madaniyati, ma’naviyati va qadriyatlari “eskilik sarqiti” bo‘lib, ular “ko‘z-ko‘z” qilayotgan “madaniyat” esa inson huquqlarini cheklamaydigan, har kim erkinligidan bemalol foydalanishga asoslangan emish.
Shu o‘rinda bobokalonimiz Alisher Navoiyning quyidagi satrlari yodga tushadi:
Oldig‘a qo‘yganni yemak – hayvon ishi,
Og‘ziga kelganni demak – nodon ishi.
Bu so‘zlarni chuqur tahlil qilsak, har bir narsaga erkinlik beradigan “ommaviy madaniyat” niqobining tagidagi asl maqsad yaqqol ko‘rinadi.
Aslida “ommaviy madaniyat” soyasida kirib kelayotgan axloqsizlik, behayolik, zo‘ravonlik va buzuqlik kabi illatlar dunyodagi hech bir xalqning milliy madaniyatiga ham, umumbashariy qadriyatlarga ham to‘g‘ri kelmaydi. Xususan, bizning zaminimizda tug‘ilib o‘sgan, jahon madaniyati va sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek va boshqa ko‘plab buyuk ajdodlarimiz qoldirgan meros bugun ham dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Xalqimizning go‘zal ma’naviy qadriyatlarga yo‘g‘rilgan or-nomus, uyat va andisha, sharmu hayo kabi tushunchalari hayotimizga singib ketgan. Ayniqsa, ota-onaga hurmat, ayolga ehtirom, mardlik va jasurlik singari tuyg‘ularimiz butun dunyo xalqlarini rom etib keladi.
Mamlakatimiz aholisining katta qismini yoshlar tashkil etadi. Shu bois “ommaviy madaniyat” tahdidiga qarshi tura olish tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotir. Prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida bu masalaga to‘xtalib, axloqsizlikni madaniyat deb bilish va aksincha, asl ma’naviy qadriyatlarni mensimasdan, eskilik sarqiti deb qarash bilan bog‘liq holatlar bugungi taraqqiyotga, inson hayoti, oila muqaddasligi va yoshlar tarbiyasiga katta xavf solmoqda, deya alohida ta’kidlaydi.
Bugun turli yo‘llar bilan, har xil “ezgu” niqoblar ostida “ommaviy madaniyat” mamlakatimizga ham tahdid solayotgani sir emas. Ayniqsa, jangari filmlar, yoshlarni soatlab o‘tirishga “majbur” qilayotgan kompyuter o‘yinlari beto‘xtov yovuzlikni targ‘ib etsa, bolasining otasi kimligini bilmasdan boshi qotib DNK tekshiruvini o‘tkazmoqchi bo‘lgan xonimlar haqidagi seriallar, internet olamida ayol va erkaklarga lazzatlanish haqida berilayotgan “eng yaxshi maslahatlar” fahsh hamda buzuqlik ko‘chasi sari chorlaydi.
Buning ustiga estrada san’atiga kirib kelayotgan ayrim yo‘nalishlar va qo‘shiqlar, kliplar, yaratilayotgan kinofilmlar, reklama roliklarida targ‘ib etilayotgan turlicha kiyinish va so‘zlashuv “madaniyati”, umuman hayot tarzimizga to‘g‘ri kelmaydigan holatlarga yo‘l qo‘yilayotgani achinarlidir.
“Ommaviy madaniyat”ning eng xavfli tomoni – u to‘satdan kirib kelmaydi. Avvalo, juda kichik detallar, arzimas veqealar orqali odamlarni o‘ziga o‘rgatadi, ko‘niktiradi. Ana shunda 3-4 yoshdagi farzandimiz repper bo‘lib kuylasa ham, o‘g‘limiz qulog‘iga zirak taqib, qizimiz yirtiq shimni kiyganida ham “zamona zayli” deya beparvo bo‘lamiz. Qolaversa, farzandimizning zamonaviyligidan quvonamiz.
Mintaqamizdagi davlatlardan birida qandaydir nodavlat tashkilotining granti, “beg‘araz” ko‘magi asosida maktab o‘quvchilari uchun ko‘p ming nusxada darslik chop etildi. Bir qarashda bu xayrli tadbir ezgulikni, yoshlarning bilim olishini ko‘zlab amalga oshirilgandek. Lekin darslikning ichiga kiritilgan ayrim sahifalar, turli xulosayu tavsiyalar, erkinlik va demokratiya to‘g‘risidagi yondashuvlar murg‘ak yoshlar ongiga buzg‘unchi g‘oyalarni pinhona kiritishga qaratilgani kitob tarqalib bo‘lgandan keyingina aniqlandi.
“Ommaviy madaniyat”ni targ‘ib qilayotgan g‘arazli kuchlarga aslida hech qanday madaniyat va inson ma’naviyati, axloqiy qoidayu qadriyatlarning aslo keragi yo‘q. Ularning strategik reja va siyosiy maqsadlariga erishish, ayrim mamlakatlarning yer osti, yer usti boyliklariga ega bo‘lish, o‘z izmiga solish uchun bu bir vosita, xolos. Bir so‘z bilan aytganda hamma narsaga erkinlik nuqtai nazaridan qaraydigan “ommaviy madaniyat”ning asosiy maqsadi – odamning irodasini susaytirish, o‘zining hayotiga, atrofidagi odamlarga qarshi qo‘yish va oxir-oqibatda erkinligidan judo qilishdir.
Prezidentimiz Islom Karimov shu yil 9 may – Xotira va qadrlash kunida jurnalistlar bilan suhbatda qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat haqida fikr bildirar ekan, Afg‘oniston xalqini, uning tarixini, madaniyatini, diniy-milliy qadriyatlarini toptash emas, aksincha, hurmat qilish yo‘li bilangina turli millat va elatlarni bir-biriga yaqinlashtirish, u yerda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish mumkinligini alohida ta’kidladi. Ushbu fikrning o‘ziyoq xalqning ma’naviyatini mensimaslik, “ommaviy madaniyat”ni keng yoyish qanchalik ayanchli oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligini isbotlaydi.
Mamlakatimizda istiqlolning dastlabki yillaridanoq umumbashariy va demokratik qadriyatlarni chuqur o‘zlashtirgan holda barpo etilayotgan huquqiy va demokratik jamiyat qurish yo‘li bugun o‘zini to‘la oqlamoqda. Inson huquq va erkinliklari, fikrlar rang-barangligi, har bir halqning an’ana va qadriyatlariga ehtirom ko‘rsatish jamiyatimizning eng muhim tamoyillari etib belgilangan. Bunga munosib bo‘lish har birimizning fuqarolik burchimizdir. Buyuk ajdodlarimiz qoldirgan boy madaniy va ma’naviy merosni, mardlik va jasoratni allaqanday “ommaviy madaniyat”ga almashtirishga esa hech kimning haqqi yo‘q.
 
Alloma merosiga bag‘ishlandi
O‘zA, 24.03.2009 Samarqand shahridagi Registon majmuasida “Mirzo Ulug‘bekning ilmiy va shaharsozlik merosi” mavzuida ko‘rgazma tashkil etildi.
Registon majmuasini ta’mirlash va undan foydalanish direksiyasi tomonidan tashkil etilgan mazkur ko‘rgazmadan ulug‘ alloma, davlat arbobi va buyuk munajjimning ilmiy faoliyati, u tomonidan bunyod etilgan me’moriy obidalar bilan bog‘liq asar va qaydlar, yulduzlar xaritalari, turli fotosuratlar o‘rin olgan.
Bu yerga kelgan kishi dastlab Mirzo Ulug‘bekning o‘zbek, rus, ingliz tillaridagi hayot solnomasi bilan tanishadi, – deydi majmua direktori Qurbon Hasanov. – Unda buyuk ajdodimiz hayotiga oid sanalar turli suratlar vositasida ifoda etilgan. Ko‘rgazmadan “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asariga bitilgan uch tildagi sharh ham o‘rin olgan. Mazkur asar, undagi yulduzlar xaritasi, Abdul Ali Birjandiyning “Sharhi Ziji Ko‘ragoniy”, Abu Mulla Farid Dehlaviyning “Ziji Shohjahoniy”, Mutribiy Samarqandiyning “Tazkirat-ush shuaro” asarlarining qimmatli nusxalari ham namoyish etilmoqda.
Bunday ko‘rgazmalar yoshlarning buyuk allomalarimiz hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishishlari, ularning dunyo tamadduniga qo‘shgan hissasi haqida ko‘proq tushunchaga ega bo‘lishlari uchun keng imkoniyat yaratadi.
 
 
<< Başlat < Önceki 1 2 3 4 Sonraki > Son >>

Sayfa 1 > 4
  TKA 2008