TR  |  EN  |  RU
turkey turkey   azerbaijan kazakhstan kyrgyzstan turkmenistan uzbekistan kktc qha TAT BAŞQ
Ana Sayfa
Birlik Hakkında
Üye Haber Ajansları
Bildiri
Başkanın Mesajı
Tüzük
Haberler



Özbekistan
O‘zbekiston-Turkmaniston: qo‘shma komissiya majlisi

 

O‘zA - 12.02.2009 - Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 12 fevral kuni Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Turkmaniston qo‘shma komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ikki mamlakatning savdo, iqtisodiyot, yoqilg‘i-energetika, bank-moliya, ta’lim, qishloq va suv xo‘jaligi, transport va transport kommunikatsiyalari, bojxona, sport va madaniyat, sayyohlik kabi sohalarda faoliyat ko‘rsatayotgan qator vazirlik va idoralari, firma va kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri, qo‘shma komissiya hamraisi Elyor G‘aniyev O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi aloqalar barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2007 yil oktabr oyida Turkmanistonga, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning 2008 yil mart oyida O‘zbekistonga davlat tashriflari o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.
Turkmaniston savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri, qo‘shma komissiya hamraisi Nokerguli Ataguliyev Turkmaniston O‘zbekiston bilan barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni izchil rivojlantirish tarafdori ekanini alohida ta’kidladi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro hamkorlikka oid yuzdan ziyod hujjat imzolangan. Ikki tomonlama aloqalar Do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam hamda Do‘stlik, ishonchni mustahkamlash va hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi shartnomalar ruhida izchil rivojlanib bormoqda. Qo‘shma komissiya muntazam ravishda majlislar o‘tkazib kelayotgani o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanidan dalolatdir.
– Turkmaniston O‘zbekistonda izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlarni katta e’tibor va xayrixohlik bilan kuzatib keladi, – dedi N.Ataguliyev. – O‘zbekiston boshqa sohalar qatori iqtisodiy jabhada ham ulkan yutuqlarga erishayotgani diqqatga sazovor. Maqsadimiz – mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat, ishonch va manfaatdorlik asosiga qurilgan keng ko‘lamli hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashdan iborat.
O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2008 yili 132,3 million AQSH dollarini tashkil qildi. Bu 2007 yildagiga nisbatan 38 foizdan ko‘proq, demakdir. Mamlakatlarimiz o‘rtasida, ayniqsa, transport kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlikning qamrovi keng. 2008 yili O‘zbekistonga qarashli avtomobil transportida Turkmaniston hududi orqali olib o‘tilgan yuklar hajmi yigirma ikki ming tonnadan oshadi. Turkmanistonning O‘zbekiston hududi orqali tashiladigan yuklariga oid ko‘rsatkich ham shunga yaqin.
Gumanitar sohadagi aloqalar izchil rivojlanmoqda. Ikki mamlakatning madaniyat va san’at namoyandalari O‘zbekiston va Turkmanistonda o‘tkaziladigan festival va ko‘rgazmalarda, yirik konferensiya va seminarlarda muntazam qatnashib keladi.
Majlisda ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari haqida fikr yuritildi. Savdo, yoqilg‘i-energetika majmui, bank-moliya, qishloq va suv xo‘jaligi, transport va transport kommunikatsiyalari, bojxona, sport va madaniyat, sayyohlik kabi sohalardagi aloqalarni yanada kengaytirish, Turkmaniston kompaniyalarini yurtimizdagi xususiylashtirish jarayoniga keng jalb etish, ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lgan qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Qo‘shma korxonalar soni va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishga oid masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

 
Alisher Navoiy tavalludining 568 yilligi
O‘zA - 09.02.2009 -  Xalqimizning buyuk ajdodlari, dunyo tamadduniga munosib hissa qo‘shgan allomalari xotirasiga ehtirom ko‘rsatish va ulug‘lash milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismidir. Ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 568 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, navoiyxonlik kechalari, uchrashuvlar, ko‘rgazmalar buning yorqin dalilidir.
An’anaga ko‘ra, 9 fevral kuni O‘zbekiston Milliy bog‘iga olimlar, yozuvchi va shoirlar, san’atkorlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, talaba-yoshlar to‘plandi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xalqimiz, ayniqsa, o‘sib kelayotgan navqiron avlod ma’naviyatini yuksaltirish, yoshlarni sog‘lom tafakkur sohiblari etib voyaga yetkazishda Alisher Navoiy merosini chuqur o‘rganishga, keng targ‘ib va tashviq etishga, shoirning umrboqiy asarlarining mazmun-mohiyatini yoshlar ongu-shuuriga chuqur singdirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Alisher Navoiy asarlarini puxta tadqiq etish, nashr qilish, shoir ijodidan yosh avlodni vatanparvarlik, ezgulik, yurt taqdiri uchun daxldorlik ruhida tarbiyalashda keng foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ana shu maqsadga xizmat qilmoqda. Shoir asarlarida tarannum etilgan inson ruhiyatidagi ma’naviy yuksaklikka intilish, osoyishtalik, millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik, yaratuvchanlik, bunyodkorlik, yurt obodligi kabi umrboqiy ezgu g‘oyalar jamiyatimiz hayotining barcha sohalarida erishilayotgan yutuqlarimizda o‘z ifodasini topmoqda.
Germaniya Federativ Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Matias Mayer, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalq rassomi Ravshan Mirtojiyev, O‘zbekiston xalq hofizi Mahmud Tojiboyev, Buxoro davlat universiteti o‘qituvchisi, filologiya fanlari doktori, professor Nodira Afoqova Navoiy asarlari butun insoniyatning ma’naviy mulkiga aylanganini ta’kidladi. Uning asrlar osha butun bashariyatni tinchlikka, hamjihatlikka da’vat etib kelayotgan asarlari jahonda hamon katta qiziqish uyg‘otmoqda, ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilinmoqda.
Turli mamlakatlarda buyuk shoirimizga hurmat-ehtirom ramzi sifatida yodgorliklar o‘rnatilgan. Bunday ezgu amallar bashariyat madaniyati, adabiyoti ravnaqiga bemisl hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boqiy ma’naviy merosi, xalqimiz ijodiy salohiyatining jahoniy e’tirofidir.
Tadbir ishtirokchilari shoir haykali poyiga gullar qo‘ydilar.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov, Bosh vazir o‘rinbosari R.Qosimov ishtirok etdi.
Shu kuni poytaxtimizdagi shoirlar xiyobonida Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan adabiy mushoira bo‘lib o‘tdi.
“Istiqlol” saroyida shoir g‘azallari bilan aytiluvchi qo‘shiqlardan iborat konsert namoyish etildi.
Ulug‘ allomaning hayoti, ma’naviy merosiga bag‘ishlangan tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda davom etmoqda.
 
Ulug‘ allomaning boqiy merosi
O‘zA - 09.02.2009, - Samarqand shahrida g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 568 yilligi munosabati bilan bir qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar, mushoira va adabiy kechalar o‘tkazilmoqda.
Shunday tadbirlardan biri Samarqand shahridagi 14 – va 24-umumta’lim maktablari hamda 10-Mehribonlik uyida bo‘lib o‘tdi. “Navoiyni o‘qib, so‘z mulkingni obod qil” deb nomlangan tadbirlarda adabiyotshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar, yosh ijodkorlar va adabiyot ixlosmandlari ishtirok etib, buyuk shoirning ijodiy merosi, asarlarida ilgari surilgan insonparvarlik g‘oyalari haqida so‘z yuritdilar.
– Ulug‘ allomaning bizga qoldirgan ijodiy merosi shu qadar boy va serqirraki, uni farzandlarga yoshligidan o‘rgatib borish, ularni shu asosda tarbiyalash lozim, – deydi shoir Orif Hoji. – Albatta, o‘quv mashg‘ulotlarida Alisher Navoiyni o‘rganishga maxsus soatlar ajratilgan. Bunday adabiy uchrashuvlar esa, yoshlarning buyuk mutafakkir shoir to‘g‘risidagi tushunchalarini yanada boyitadi.
Tadbirlarda Alisher Navoiyning g‘azal va ruboiylaridan namunalar o‘qildi. Ulug‘ mutafakkir hayotiga oid sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Shoir g‘azallari bilan aytiladigan qo‘shiqlar kuylandi.
 
Alisher Navoiyning barhayot merosi
O‘zA,  06.02.2009,  O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida Alisher Navoiyning adabiy va ilmiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan an’anaviy ilmiy anjumanning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda olimlar, ijodkorlar, yosh tadqiqotchilar, talabalar va mumtoz adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti direktori T.Mirzayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari S.Sayyid, akademik A.Qayumov, adabiyotshunos olimlar S.G‘aniyeva, H.Boltaboyev va boshqalar ta’kidlaganidek, Alisher Navoiy asarlarida o‘z aksini topgan mehr-muhabbat, xayr-saxovat singari umrboqiy g‘oyalar asrlar osha insoniyatni o‘zaro hamjihatlik va ezgulikka da’vat etib kelmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan istiqlolning dastlabki yillaridanoq mutafakkir bobomizning boy ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganishdek xayrli ishga alohida ahamiyat berila boshlandi. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida Alisher Navoiyning yigirma jildlik mukammal asarlar to‘plami nashr etildi. Qator xorijiy davlatlarda allomaning haykallari qad rostladi. Shoir tug‘ilgan kunni keng nishonlash an’anaga aylandi.
Olimlarimiz shoir adabiy merosining o‘rganilmagan qirralarini kashf etish, asarlarini asl holicha tadqiq etish va xalqimizga yetkazish maqsadida keng ko‘lamli ilmiy izlanishlarni amalga oshirayotir. Bunday tadqiqotlar natijasida navoiyshunoslikka oid ko‘plab monografiya, risola, maqola va boshqa ilmiy-ommabop materiallar chop etilmoqda.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining ilmiy kotibi Rahmatilla Barakayevning aytishicha, bugungi kunda Navoiy asarlarining yangi izohli lug‘atini yaratish borasidagi izlanishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.
Anjumanda Alisher Navoiy ijodida xalqchillik masalalari, Navoiy va musiqiy meros, buyuk mutafakkir ijodining jahon adabiyotidagi o‘rni va zamonaviy o‘zbek adabiyoti rivojidagi ahamiyatiga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi va muhokama etildi.
Tadbir doirasida Alisher Navoiyning mamlakatimiz va xorijda chop etilgan asarlari, navoiyshunoslik sohasidagi yangi nashrlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
 
 
Elektron hujjat aylanishi kengaymoqda
O‘zA - 24.12.2008 - O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining Ilmiy-texnik va marketing tadqiqotlari markazida elektron raqamli imzodan foydalanishni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2003-2004 yillarda mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan qator qonun hujjatlari qabul qilinganligi ta’kidlandi. “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi qonun shular jumlasidandir. Ushbu qonunga muvofiq, elektron raqamli imzo qo‘lda qo‘yilgan imzoga tenglashtirilgan va u bilan bir xil huquqiy kuchga ega. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda qabul qilingan “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi qonun elektron raqamli imzoning majburiy rekvizitlaridan biri bo‘lgan elektron hujjatning huquqiy kuchini belgilaydi. “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonun esa elektron tijoratni huquqiy tartibga soladi.
Ilmiy-texnik va marketing tadqiqotlari markazi mutaxassislari mamlakatimizda elektron raqamli imzo vositalarini rivojlantirish uchun zarur davlat standartlari ishlab chiqilgani hamda joriy qilinganini ma’lum qildi. Jumladan, elektron raqamli imzo kalitlarini ro‘yxatga olish markazi uchun mahalliy dasturiy ta’minot ishlab chiqildi. Ushbu mahsulotdan mazkur faoliyat bilan shug‘ullanishni istagan subyektlar ham foydalanishi mumkin. Bundan tashqari, elektron raqamli imzoni davlat standartlariga muvofiq shakllantirish hamda tekshirish maqsadida milliy kriptoprovayder uchun ham alohida dasturiy ta’minot tayyorlandi. Milliy kriptoprovayder har qanday axborot tizimida elektron raqamli imzoni qo‘llash uchun joriy qilinishi mumkin. Tadbirda Elektron raqamli imzoni ro‘yxatga olish markazlarining maqomi va vakolatlari, ularning yuridik va jismoniy shaxslar bilan o‘zaro munosabatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ayni paytgacha O‘zbekistonda elektron raqamli imzodan faqat bank sohasida elektron to‘lovlarni amalga oshirishda foydalanilayotgan edi. Hozirgi kunda u e-xat, e-hujjat, Himfail birjalararo savdo tizimiga ham joriy etildi.
Ilmiy-texnik va marketing tadqiqotlari markazi direktori M.Mahmudovning aytishicha, respublikamizda elektron raqamli imzoni samarali qo‘llash bo‘yicha huquqiy asos yaratilgan, milliy infratuzilma shakllantirilib, barcha zarur vositalar ishlab chiqilgan. Elektron raqamli imzoni kelgusida barcha joylarda qo‘llash uchun ushbu sohaga oid me’yoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, Elektron raqamli imzoni ro‘yxatga olish milliy markazlari faoliyatini kengaytirish, ularni xalqaro talablarga muvofiq tarzda texnik jihozlash, respublikamizda elektron hujjat aylanishi infratuzilmasini rivojlantirish, elektron raqamli imzoni transchegaraviy qo‘llash uchun sharoit yaratish zarur.
Tadbirda barcha joylarda elektron hujjat aylanishi xizmatidan foydalanuvchilarni o‘qitish, aholining elektron raqamli imzoga bo‘lgan ishonchini oshirish, elektron hujjat aylanishi tizimida axborot xavfsizligini mustahkamlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
 
<< Başlat < Önceki 1 2 3 4 Sonraki > Son >>

Sayfa 3 > 4
  TKA 2008