TR  |  EN  |  RU
turkey turkey   azerbaijan kazakhstan kyrgyzstan turkmenistan uzbekistan kktc qha TAT BAŞQ
Ana Sayfa
Birlik Hakkında
Üye Haber Ajansları
Bildiri
Başkanın Mesajı
Tüzük
Haberler



Alisher Navoiy tavalludining 568 yilligi
O‘zA - 09.02.2009 -  Xalqimizning buyuk ajdodlari, dunyo tamadduniga munosib hissa qo‘shgan allomalari xotirasiga ehtirom ko‘rsatish va ulug‘lash milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismidir. Ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 568 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, navoiyxonlik kechalari, uchrashuvlar, ko‘rgazmalar buning yorqin dalilidir.
An’anaga ko‘ra, 9 fevral kuni O‘zbekiston Milliy bog‘iga olimlar, yozuvchi va shoirlar, san’atkorlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, talaba-yoshlar to‘plandi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xalqimiz, ayniqsa, o‘sib kelayotgan navqiron avlod ma’naviyatini yuksaltirish, yoshlarni sog‘lom tafakkur sohiblari etib voyaga yetkazishda Alisher Navoiy merosini chuqur o‘rganishga, keng targ‘ib va tashviq etishga, shoirning umrboqiy asarlarining mazmun-mohiyatini yoshlar ongu-shuuriga chuqur singdirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Alisher Navoiy asarlarini puxta tadqiq etish, nashr qilish, shoir ijodidan yosh avlodni vatanparvarlik, ezgulik, yurt taqdiri uchun daxldorlik ruhida tarbiyalashda keng foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ana shu maqsadga xizmat qilmoqda. Shoir asarlarida tarannum etilgan inson ruhiyatidagi ma’naviy yuksaklikka intilish, osoyishtalik, millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik, yaratuvchanlik, bunyodkorlik, yurt obodligi kabi umrboqiy ezgu g‘oyalar jamiyatimiz hayotining barcha sohalarida erishilayotgan yutuqlarimizda o‘z ifodasini topmoqda.
Germaniya Federativ Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Matias Mayer, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalq rassomi Ravshan Mirtojiyev, O‘zbekiston xalq hofizi Mahmud Tojiboyev, Buxoro davlat universiteti o‘qituvchisi, filologiya fanlari doktori, professor Nodira Afoqova Navoiy asarlari butun insoniyatning ma’naviy mulkiga aylanganini ta’kidladi. Uning asrlar osha butun bashariyatni tinchlikka, hamjihatlikka da’vat etib kelayotgan asarlari jahonda hamon katta qiziqish uyg‘otmoqda, ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilinmoqda.
Turli mamlakatlarda buyuk shoirimizga hurmat-ehtirom ramzi sifatida yodgorliklar o‘rnatilgan. Bunday ezgu amallar bashariyat madaniyati, adabiyoti ravnaqiga bemisl hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boqiy ma’naviy merosi, xalqimiz ijodiy salohiyatining jahoniy e’tirofidir.
Tadbir ishtirokchilari shoir haykali poyiga gullar qo‘ydilar.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov, Bosh vazir o‘rinbosari R.Qosimov ishtirok etdi.
Shu kuni poytaxtimizdagi shoirlar xiyobonida Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan adabiy mushoira bo‘lib o‘tdi.
“Istiqlol” saroyida shoir g‘azallari bilan aytiluvchi qo‘shiqlardan iborat konsert namoyish etildi.
Ulug‘ allomaning hayoti, ma’naviy merosiga bag‘ishlangan tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda davom etmoqda.
 
  TKA 2008