TR  |  EN  |  RU
turkey turkey   azerbaijan kazakhstan kyrgyzstan turkmenistan uzbekistan kktc qha TAT BAŞQ
Ana Sayfa
Birlik Hakkında
Üye Haber Ajansları
Bildiri
Başkanın Mesajı
Tüzük
Haberler



O‘zbekiston-Turkmaniston: qo‘shma komissiya majlisi

 

O‘zA - 12.02.2009 - Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 12 fevral kuni Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Turkmaniston qo‘shma komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ikki mamlakatning savdo, iqtisodiyot, yoqilg‘i-energetika, bank-moliya, ta’lim, qishloq va suv xo‘jaligi, transport va transport kommunikatsiyalari, bojxona, sport va madaniyat, sayyohlik kabi sohalarda faoliyat ko‘rsatayotgan qator vazirlik va idoralari, firma va kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri, qo‘shma komissiya hamraisi Elyor G‘aniyev O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi aloqalar barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2007 yil oktabr oyida Turkmanistonga, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning 2008 yil mart oyida O‘zbekistonga davlat tashriflari o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.
Turkmaniston savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri, qo‘shma komissiya hamraisi Nokerguli Ataguliyev Turkmaniston O‘zbekiston bilan barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni izchil rivojlantirish tarafdori ekanini alohida ta’kidladi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro hamkorlikka oid yuzdan ziyod hujjat imzolangan. Ikki tomonlama aloqalar Do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam hamda Do‘stlik, ishonchni mustahkamlash va hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi shartnomalar ruhida izchil rivojlanib bormoqda. Qo‘shma komissiya muntazam ravishda majlislar o‘tkazib kelayotgani o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanidan dalolatdir.
– Turkmaniston O‘zbekistonda izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlarni katta e’tibor va xayrixohlik bilan kuzatib keladi, – dedi N.Ataguliyev. – O‘zbekiston boshqa sohalar qatori iqtisodiy jabhada ham ulkan yutuqlarga erishayotgani diqqatga sazovor. Maqsadimiz – mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat, ishonch va manfaatdorlik asosiga qurilgan keng ko‘lamli hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashdan iborat.
O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2008 yili 132,3 million AQSH dollarini tashkil qildi. Bu 2007 yildagiga nisbatan 38 foizdan ko‘proq, demakdir. Mamlakatlarimiz o‘rtasida, ayniqsa, transport kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlikning qamrovi keng. 2008 yili O‘zbekistonga qarashli avtomobil transportida Turkmaniston hududi orqali olib o‘tilgan yuklar hajmi yigirma ikki ming tonnadan oshadi. Turkmanistonning O‘zbekiston hududi orqali tashiladigan yuklariga oid ko‘rsatkich ham shunga yaqin.
Gumanitar sohadagi aloqalar izchil rivojlanmoqda. Ikki mamlakatning madaniyat va san’at namoyandalari O‘zbekiston va Turkmanistonda o‘tkaziladigan festival va ko‘rgazmalarda, yirik konferensiya va seminarlarda muntazam qatnashib keladi.
Majlisda ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari haqida fikr yuritildi. Savdo, yoqilg‘i-energetika majmui, bank-moliya, qishloq va suv xo‘jaligi, transport va transport kommunikatsiyalari, bojxona, sport va madaniyat, sayyohlik kabi sohalardagi aloqalarni yanada kengaytirish, Turkmaniston kompaniyalarini yurtimizdagi xususiylashtirish jarayoniga keng jalb etish, ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lgan qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Qo‘shma korxonalar soni va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishga oid masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

 
  TKA 2008